Yoshligimda badiiy kitob desa o’zini tomdan tashlaydiganlar toifasidan edim. Ammo bu odat borib-borib yo’qolib borayotganini o’tgan yili qo’limga tushgan F.M. Dostayevskiyning “Jinoyat va jazo” romanini shuncha qilsam ham o’qishga hafsalam kelmaganidan sezib qoldim. Sabablari turlicha bo’lishi mumkin. Masalan vaqt masalasi. Endi oldingidek ko’proq vaqtimni badiiy kitobga sarflay olmasdim. Lekin bu asosiy sababi emas deb o’ylayman. Balki hamma narsaga real qarab boshlaganim sababidandir. Endi kitoblar oldingidek meni o’z olamiga olib keta olmasdi. Qiynalib yetishilgan narsa shirin bo’ladi deyishadi. Balki shu ham sabablaridan bittasidir. Chunki, mening bolaligimda xohlagan kitobimni o’qiy olmasdim, chunki topa olmasdim. Internet hozirgidek ommalashmagan,  hammning qo’lida telefon va uning ichida apk formatdagi kitoblari bo’lmagan, noutbuk, cho’ntak kitobchalar, planshetlar bo’lmagan zamonda qo’limga tushgan har qanday kitobni huddi mo’jizadek qabul qilib, qadrlab o’qib katta bo’lgandim. Bugun esa xohlagan kitobimni yoki qog’oz variantini yoki elektron shaklini xohlagan vaqtimda topa olardim. Kitob do’konlari to’la, mb dan muammo yo’q. Uyim va kompyuterim o’qiyman deya niyatda olingan ammo hatta ochib qaralmagan kitoblarga to’lib ketgan. Oldinlari tanlab o’qishga sharoit bo’lmagani sababli, qo’limga nima tushsa o’qiyvergan vaqtimni eslasam, hozirda o’qishga qunt qilolmayotgan “shoh asarlar”ga qarab nega o’sha vaqtda duch kelmagansiz deb xafa bo’laman rosti. Kitobga bo’lgan muxabbatim haqida gapirsam, quruq safsatadan o’zga narsa emasdek tuyuladi o’zimga. Chunki kitobxonlar darajasida ko’p kitob o’qib tugatmagandim. bugun o’qigan kitoblarimni sarhisob qilib chiqdim:

  1. Xudoyberdi To’xtaboyev  “Sariq devni minib” (qissa)- 5 yoki 6 sinfdaligimda endigina yangi maktabga o’tgandik va kutubxonasi hali ishga tushmagan edi. Men kutubxonachidan iltimos qilib, 2 kunga olgandim va yarim kunda o’qib tugatgandim.
  2. A.Belyanov “Odam-amfibiya” (roman)- meni ilmiy-fantastika yo’nalishidagi kitoblarni yaxshi ko’rib qolishimga sababchi bo’lgan kitob. 9-sinfdaligimda birinchi marta o’qiganman. Ikkinchi marta bakalavr uchinchi kursda o’qib yurganimda. Uchinchisi o’tgan yili.
  3. A.Belyanov “Jahongir” (roman)- oldingisining ta’siridan so’ng o’qigandim. Yaxshi kitob edi, yoqgan. Lekin bir marta o’qiganman.
  4. P.Qodirov “Yulduzli tunlar” (roman)-7- sinfdaligimda o’qiganman. Birinchi o’qiganimda uncha tushunmagan joylarimni, ikkinchi va uchinchi o’qiganlarimda tushunib olgandim. Ancha payt ta’sir doirasida saqlagan meni.
  5. P. Qodirov “Avlodlar dovoni” (roman)- Yulduli tunlardan so’ng Bobur va boburiylar  hayotiga qiziqib qoldim va Humoyun haqidagi romanni ham topib o’qib tugatdim.
  6. T.Malik “Shaytanat” 1, 2, 3, 4, 5 (roman)- birinchi, ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi romanlarini telefondagi apk dasturidan o’qib chiqgandim bakalavrda o’qiyotgan vaqtimda. Beshinchisini kompyuterda o’qigandim bitirganimdan so’ng. Shaytanatni o’qib tugatganimdan keyin, ungacha mafiya haqidagi romanlarni o’qigan vaqtimga achingandim.
  7. R.N.Guntekin “Choliqushi” (roman)- 3  marta o’qigan edim talabaligimda.  O’tgan yili tug’ilgan kunimga ham aynan shu kitobni sovg’a qilishidi. Bajonidil to’rtinchi marta ham o’qidim. Tili nohiyatda chiroyli, tarjimasi ham juda go’zal chiqgan.
  8. R.N.Guntekin “Muhabbat simfoniyasi” (roman)- Avlodlar dovoni yoki Belyanov asarlarida bo’lgani kabi emas, ya’ni oldingi asari yoqgani uchun muallif tanlab o’qiganim yo’q. Bunda shu nomdagi turkcha serial bo’lardi, kinoning boshida esa roman nomi ham aytilardi. Kino biroz yengil ishlangan esada, syujeti yoqgan edi. Shu uchun kitobini ham o’qidim.
  9. Patrik Zyuskin “Ifor yoxud bir maxkum qissasi” (roman)-ta’rifiga til ojiz..
  10. S. Mayer “Zulmat ostonasidagi muhabbat” 1, 2 (roman)-kitobni aynan tarjimonidan-Dilfuza Sobirovaning o’zidan qabul qilib olganim uchun ham qadrli.
  11. N.Ismoilov “O’limga maxkum qilinagnlar”, “Mafiya sardori”, “Milliarderga qo’yilgan tuzoq”, “Iblis saltanati”, “Burgut tog’da ulg’ayadi”, “Tansoqchi” (romanlar)- bular kitob tanlash imkoniyam bo’lmagan vaqtlarida vaqt o’tkazish uchun o’qiganlarimdir. Aytarli ma’no va ta’sir  olmaganman desa ham bo’ladi.
  12. J.London “So’ngi qo’nalg’a” (hikoyalar to’plami)- o’qib chiqgan bir tanishim maqtaganidan so’ng o’qidim va haqiqatda maqtagulik ekanligiga tan beraman. Jek London fojiali yakun bo’yicha juda o’tkir qalam egasi.
  13. D.Braun “Da vinchi siri” (roman)-birinchi marta elektronniy o’qiganman . Ikkinchi marta kitob holida o’tgan yili o’qidim. Ajoyib yozilgan, shiddatli va qizg’in.
  14. X.To’xtaboyev “Mungli ko’zlar” (qissa)-eng oxirgi o’qigan kitobim. Poraxo’rlik va boylikka xirs qanday oqibatlarga olib kelishi yoritilgan.
  15. Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq “Baxtiyor oila”- bu ham sovg’a edi.
  16. A.S.Pushkin “Yevgeniy Onegin” (she’riy roman)- juda chiroyli tilda yozilgan. o’qiganimga ancha yillar bo’lib ketdi.
  17. A.Qodiriy “O’tkan kunlar” hamma voqealar rivojini, syujetini bilib turib ham kitobni qiziqib o’qish mumkinligini o’zimga isbotlagandim.
  18. A.Qodiriy “Mehrobdan chayon”
  19. Cho’lpon “Kecha va kunduz” oxiri yakunlanmay, hal qiluvchi voqealar mavhum bo’lib qolgani uchun juda afsuslanganman.
  20. J.Ostin “Andisha va g’urur” shiddatkor voqealari bilan maqtana olmasada, o’sha davr, makon muhitiga olib kira olgani uchun yoqgandi.
  21. M.Tven “Ovsar Vilson” asar oxirgacha nima uchun bu odam bosh qahramon ekanligini tushunolmay, qiynalganman.
  22. L.Tolstoy “Iqrornoma” bitta odam, to’g’rirog’i bitta miya buncha o’yni qanday ko’tara olishiga hayratda qolgandim.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *